Sergey Yesenin mening bolalik do’stim desam xato bo’lmas. Hassos shoir ijodini maktab yoshimdan yaxshi ko’rib, talabalik yillarda tarjimalar qilganman. Meni adabiyotga olib kirgan ustozlarimdan biri ham Sergey Yesenin. Mana, bugun yana o’sha yoshlikdan ko’nglimga jo bo’lgan yellardek sho’x, shabnamdek tiniq, oydek yorug’ va g’amnok satrlarga qaytmoqdaman. Yesenin kabi iste’dodlar hamma zamon, hamma xalqlarning ko’ngil mulkidir. O’z ona yurtini Yesenindek sevgan, kengliklarida yalangoyoq yugurib, qayg’u-g’amlariga faryod chekkan erka va dardli shoir dunyoda kam. Bolalik tasavvurimda u men uchun o’zbek shoiri edi, bugun ham shunday. Uni men tarjima qilmadim, u o’zi she’rlarini o’zbek tilida shivirlab qulog’imga aytib turdi. Aziz o’quvchim, zora siz ham shunday his qilsangiz, degan orzuda ularni hukmingizga havola qildim.
Tarjimon
Sergey YESENIN SHE’RLAR
Erkin Vohidov tarjimalari
Sergey Yesenin 1895-yilning 3-oktabrida (eski hisob bo’yicha 21-sentabrida) Rossiyaning qadim tarixga ega Ryazan guberniyasiga qarashli Konstantinovo qishlog’ida oddiy dehqon oilasida tug’ildi. Otasining kambag’alligi, ayolmandligi uchun u ikki yoshligidan o’ziga ro’qroq bo’lgan ona tomonidan bobosining oilasida tarbiya topdi. Besh yoshligida o’qishni o’rgandi, to’qqiz yoshidan xalq qo’shiqlariga o’xshatib she’rlar bita boshladi.
Qishloq muallimlari tayyorlaydigan maktabni tugallab, o’n yetti yoshida Moskvaga bordi. Savdogarning idorasida ishladi, bosmaxonada musahhihlik qildi, adabiy-musiqiy to’garakka qatnashdi, she’rlar yozishni davom ettirdi. O’n to’qqiz yoshidan she’rlari Moskva jurnallarida bosilib, mashhur bo’ldi. Yigirma yoshida Petrogradga kelib, yana bir mashhur rus shoiri Aleksandr Blok bilan tanishdi. 1916-yildan Armiya xizmatiga kirdi. Oq podshoh sharafiga she’r yozishdan bosh tortgani uchun intizomiy batalonga jo’natildi, keyin xizmatdan tamoman voz kechdi.
1918-1921-yillarda Murmansk, Arxangelsk, Qrim, Kavkaz, Bessarabiya, shuningdek, Turkiston bo’ylab safar qildi. 1922-¬1923-yillari esa taniqli amerikalik raqqosa Aysedora Dunkan bilan Yevropaning Germaniya, Frantsiya, Belgiya, Italiya mamlakatlarini aylandi, to’rt oy AQSH da yashadi. Sergey Yesenin 1925-yil 28-dekabrda fojlali tarzda vafot etdi. Shoir qaerda bo’lmasin, umri bo’yi o’zini ruhan qishloqda yurgandek his qilib yashadi.
Shoirning o’z yurti va ona xalqiga yuksak muhabbati she’rlarida uning bevosita Ryazan o’lkasiga mehri tarzida aks etgan. Shoir asarlarida tarjimayi holi bilan bog’liq nuqtalar ko’p tilga olinadi. Mumtoz o’zbek adabiyotida bunday asarlarga hasbi hol deyiladi. “Endi qaytmam uyimga» hamda “Singlimga xat» she’rlarida muallifning ko’p umri xorijiy mamlakatlarda, safarlarda o’tgani shundoq sezilib turadi. Ammo qaerda yashamasin, vatani mehri uning qalbida jo’sh uradi.
Sergey Yeseninning satrlari qisqa-qisqa, tili ravon va sodda, lirik qahramonning hayot, tabiat, odamlarga munosabatida qishloqcha samimiylik va to’g’rilik ufurib turadi. Eng muhimi, asarlarida sharqona ruh bor. Bu o’z-o’zidan paydo bo’lgan emas. Shoir forsiy tildagi mumtoz she’riyat namunalari bilan yaqindan tanishganidan keyin Eronga borishga qattiq intiladi. Biroq o’sha paytdagi Rossiya va Eron munosabatlari rus shoirini u yoqqa yuborish maqsadga muvofiq emasligini taqozo etadi. Shunga qaramasdan, Sergey Yesenin qattiq turib Eronga borishni talab qilgani uchun uni Ozarbayjonning Bokuga yaqin qishloqlaridan biriga yuborishadi. Bir necha muddat bu yerda yashab, sharqona ruhni his etadi, Sharq odamlarining hayot tarzidan zavqlanadi va tez fursatda uning «Fors taronalari» she’rlar turkumi yoziladi. Sharq she’riyatida Allohga ishqni majozan yorga ishq tarzida kuylash kuchli edi. Shunga taqlidan rus shoiri ham Sharq go’zaliga bag’ishlangan ishqiy she’rlar bitadi. Lekin shu mavzu bahonasida G’arb kishisining Sharqqa mehri jo’sh urib turganini sezish qiyin emas.
Rus hayotini tasvirlaydimi, sharqona mavzularda qalam tebratadimi, bundan qat’i nazar, Sergey Yesenin se’rlarining tub mohiyatida umuminsoniylik yotadi. Millati, dini, irqidan qat’i nazar, ularni o’qigan kishining ko’nglida bir yorug’lik, zavq, mehr, ezgulikka oshnolik tuyg’usi paydo bo’ladi. She’r qalbni poklaydi, deganlari shu. Sergey Yeseninning aksar she’rlarini Erkin Vohidov maromiga yetkazib tarjima qilgan. Bu she’riyatning o’zbek shoirlari ijodiga juda katta ta’siri bo’ldi. Erkin Vohidov, Tilak Jo’ra, Ma’ruf Jalil, Xurshid Davron, Muhammad Yusuf va boshqalar ijodida buni yaqqol sezamiz.
———————————————
* * *
Bizlar asta ketayotirmiz –
Halovatli sokin yurtlarga.
Fursat balki menda ham tig’iz,
Otlanishim kerak safarga.
Ona zamin, qum bosgan dashtlik,
Oq qayinzor o’rmon, chamanlar!
Yuragimda uyg’otar g’ashlik
Gala-gala ketayotganlar.
Men bu yerni juda sevardim,
Suydim bunda nimaki bo’lsa.
Sevar edim qarag’aylarim
Shafaq tushgan suvga termulsa…
Ko’p xayollar surdim osuda,
Ko’p qo’shiqlar qilgandim ijod.
Shu zamin, shu yurt og’ushida
Bor bo’lganim uchun edim shod.
Baxtli bo’ldim qizlarni o’pib,
Chechaklarni ezg’ilab yurdim.
Haydamadim itlarni tepib,
Ularni o’z ukamdek ko’rdim.
U yurtlarda yo’q bu chamanlar,
Oqqush bo’ynin cho’zmas javdarim.
Shu sabab ham ketayotganlar
Dilga titroq solguvchi dardim.
Topolmasmiz hech u tomonda
Bu poyonsiz o’tloqlardan iz.
Shu sababdan foniy jahonda
Yashaganlar men uchun aziz.
VATAN
Ey vatan, yangi uysan,
Tomlari tillo.
Qulun otsan, kishnaysan,
Eshitar dunyo.
Kengliklaring sayr etsam,
G’ururim baland.
Sho’x, beboshman, jon o’lkam,
O’zingga monand.
Tanu ruhim chiniqqan
Ko’cha jangida.
Kuy aytar menga eman
Yurt ohangida.
Sevaman bor yomoning,
Gunohlaring ham.
To’ldirib sharq osmoning
Yulduzday yonsam.
* * *
Devor tagin panalab kelib,05
O’tloq ichra singir shabboda.
Men kissavur, bezori bo’lib
O’tajakman yorug’ dunyoda.
Kun ufqlar ortiga botgan,
Kelar undan chorlaguvchi sas.
Bu olamda yo’lin yo’qotgan,
Daydib yurgan bitta men emas.
Dalalarga dalalar tutash,
Boshdan oyoq oppoq qor bosmish.
Xoh litvaniy bo’lay, xoh chuvash,
Hamma kabi menda ham yozmish.
Umrim mening sirlarga oshno,
Ishonaman, mo»jizalar bor.
Adashgan bir yo’lchidek go’yo
Qaytib kelar Iso xaloskor.
Ishonaman, u kelar qaytib,
Diydoriga balki yetarman.
YO ko’rsam-da sarxush tirjayib,
Tanimasdan o’tib ketarman.
Ko’zlarimda yosh qurigandek,
Umid ko’kdan ovunchlar to’kmish.
Lekin shodlik moviy tumandek
Qorong’ulik qa’riga cho’kmish.
Yurak to’la g’ashlik va malol,
Bittagina orzum bor endi:
Tor kulbamga kirsa-da shamol,
Yer tepib bir raqs tushsa edi.
* * *
Shafqatsizga hamma narsa bor,
Rahmdilning nasibi – alam.
Endi menga nima ham darkor,
Achinayin endi kimga ham?
Rahmim kelar daydi it ko’rsam,
Rahmim kelar o’zimga biroz.
Ko’ngil meni qadam-baqadam
Mayxonaga keltirgani rost.
Ey shaytonlar, kulmang birovga,
Shu vatanga begonami biz?
YO siz shimni qo’yib garovga,
Bir shisha may olmaganmisiz?
Derazadan qarayman bir dam,
Ro’paramda yolg’izoyoq yo’l.
U ham mendek kimsasiz, purg’am,
Ko’z yoshiga g’arq bo’lgandek ho’l.
Ana, o’ynab yurar bolakay,
Tosh irg’itsa, o’shanga xursand.
Unda ham bor tashvish, harqalay,
Tinmay burun kovlash bilan band.
Bu ishingni tashlama, bola,
Chuqurroq sol burningga barmoq.
O’ynab, zinhor shu kir qo’l bilan
O’z qalbingni kavlama biroq.
O’ylab ko’rsam, men ham bolaman,
Ko’chalarda tentirab bu kun –
Tiqin po’kak terib olaman
Qalb og’zini berkitmoq uchun.
* * *
Ey sen ko’hna, sehrli qishloq,
Ey siz, uning so’qmoq yo’llari.
Sizni bo’g’ib turibdi bu chog’ –
Shoh ko’chaning metin qo’llari.
Hurkak dalam, qor ko’zgusiga
Termulasan, ko’ksimda tugun.
O’z ajalim ro’baro’siga
Salom berib chiqaman bugun.
Yaralangan ohudek qishloq,
O’laksaxo’r qush kabi shahar.
O’tloqlarning siynasi yumshoq,
Simyog’ochlar nayzasi zahar.
Tabiatning nozik oq bo’ynin
Tutar qora cho’yan barmoqlar,
Nima bo’pti! Ajal o’yinin
Ko’p ko’rgan bu ko’hna o’tloqlar.
Ko’p yov bosgan, bu navbat shahar,
Quritmoqqa keldi sho’rini.
Xuddi shunday qurshab ovchilar,
To’rt tarafdan otar bo’rini.
Ana, sayyod mo’ljallab ovni,
Tepki bosmoq bo’lgani zamon –
Sapchib, ikki oyoqli yovni
G’ajib tashlar bo’ri beomon.
Vahshiy do’stim, bil, sen tomonman,
Qalb yovvoyi ruhingga oshno.
Men ham sendek quvg’indi jonman
Temir yurak raqiblar aro.
Bugun ular g’olib va mamnun,
Qurshab meni qo’ydilar nochor,
Lek yov qonin ichmoqqa bir kun
So’nggi karra sapchimog’im bor.
Ado bo’lsam paymonam to’lib,
Kuylab qolar yovvoyi sozim.
U sohildan alqasos bo’lib
Uvlar mening dardli ovozim.
* * *
Yig’lamasman, qilmasam fig’on,
O’tgan o’tdi, afsus aytmasman.
Oltin sochdi boshimdan xazon,
Men yoshlikka endi qaytmasman.
Avvalgidek o’t olib, shaydo –
Yonmas cho’g’i sovugan yurak.
Endi moviy kengliklar aro
Yalangoyoq chopmasam kerak.
Yuragimga cho’kdi hazinlik,
Yo’q u shodon, sho’x-sho’x so’zlarim.
Qani yovqur, mard o’spirinlik,
Qani zavqqa to’lgan ko’zlarim?
Endi orzu-havaslarim kam,
Tushmidi yo o’ngmidi hayot?
Keng daladan bamisli ko’klam
O’tgandekman minib uchqur ot.
Vafosizdir o’tkinchi gardun,
Dunyo bilan xayrlashgan on –
Yashaganing, ko’rganing uchun
Rozi bo’lib shukur ayt, inson!
BEZORI
Tol bargagin yuvganda yomg’ir,
Yaproq yulib o’ynar shabboda.
Yurak ham sho’x, erka shamoldir,
Bezoriman yorug’ dunyoda.
Poyonsiz Rus, yashil Rossiyam,
Axir men bir kuychi bolang-da.
Bu jonivor she’rimni men ham
Yalpiz berib boqdim dalangda.
Oy xumchasi falakda go’yo
Qayin suti bilan to’ladir.
Qora cherkov sukunat aro
Tomog’imdan bo’g’moq bo’ladir.
Ammo qo’rqinch bilmas bu jonim,
Sharpalarga tik boqar ko’zim.
Tomirimda qaroqchi qoni,
Bir yo’lto’sar o’g’riman o’zim.
Chechak terib, ko’ngilni xushlab
Yurganimga kulib qarashar.
Asli menga oybolta ushlab,
Yo’lda odam ovlash yarashar.
Endi netay, qochay qay yoqqa,
She’r dashtida quvg’indi boshim.
Mahkum bo’ldim aylantirmoqqa
Dostonlarning tegirmon toshin.
Bulajabdir dunyo ishlari,
Shoir bo’lmoq ekan peshonam.
Kuyla, shamol, sendek sarsari
Bezoriman qo’shig’imda ham.
SINGLIMGA XAT
Bizning Aleksandr
Delvig haqida
She’r yozgan, madh etib kalla suyagin.
Qanday shirin,
Qanday olis aqida,
Xuddi gulbog’ yanglig’ ko’ngilga yaqin.
Salom senga, singlim,
Salom, assalom.
Qadrdon dalalar salomat bormi?
Ayt, qalay parvarish qilmoqda bobom
Ryazandagi bizning oluchazorni?
O’sha oluchazor
Bormi yodingda?
Otam sho’rlik tinmay qilardi mehnat.
Bir parcha yeridan
Hosil olguncha
Omoch surib, qancha chekardi zahmat.
Unga maqsad edi
Kartoshka olish,
Biz bog’ bo’lsa derdik,
Bog’ni kesishdi.
Dilim o’rtanganin
Aytsin ho’l bolish,
Bog’ni kesishdi-yu,
Bag’rim ezishdi.
Yodimdadir bayram,
O’sha so’lim may,
Sabzalar bezangan,
Gullab nastarin.
Oppoq qayinlarni
Quchoqlab tinmay,
Sho’x xandon maydan ham
Mastroq edim man.
Oh, u oq qayinlar,
Oppoq qayinlar…
Qizlardek sarvinoz, suluv, xushqomat.
Sevmasligi mumkin ularni faqat
Quvnoq navniholda ko’rmagan samar.
Singlim!
Naqadar kam hayotda chin do’st,
Ko’plardek mening ham Yuragimda dog’.
Agar nozik qalbing
Toliqqan bo’lsa,
Buning soz davosi —
Tinmoq, unutmoq.
Sasha*ni bilasan,
Sasha zo’r edi.
Lermontov ham, asli,
Unga jo’r edi.
Men bo’lsam…
Kasalga chalinib turibman.
Endi esa nastarin qorlarda
Ruhimni davolab yuribman.
Senga achinaman,
Yolg’iz qolarsan.
Men esam tayyorman
Duelga, hatto.
«Baxtlidir jomini ichib bo’lmagan**,
Va tinglab bo’lmagan naydan ham navo.
Va lekin bog’imiz…
O’sha bog’ aro
Erka bolalaring o’ynar ko’klamda.
Ular o’ylab qo’ysa qani bir bor, o,
Dalli devonalar
O’tgan olamda.
——————-
* Sasha – Aleksandr Sergeevich Pushkin. ** Bu Aleksandr Sergeevich Pushkinning satri.
BU DUNYODA MEN BIR YO’LOVCHI…
Singlim Shuraga
Bu dunyoda men bir yo’lovchi,
Shodon menga qo’l silki, erkam.
Xuddi shunday tinch, erkalovchi
Ziyo to’kar kuz fasli Oy ham.
Isinurman Oyning taftiga,
Ilk bor undan orom olar jon.
Allaqachon so’ngan sevgiga
Umid bog’lab yashayman hamon.
Bunga bois — shu makonimiz,
Shu yer — oppoq, sho’r manglay turbat,
Qaylardadir toptalgan nomus,
Kimlargadir qadrdon g’urbat.
Yashirmayman, har kim ham bilar:
Boshqa-boshqa emas, jon singil,
Ikkimiz ham bir sevgi bilan
Shu vatanga qo’yganmiz ko’ngil.
ONA IBODATI
Qishloqning bir chetida
Pastakkina uy turar,
Sajda qilib shu uyda
Onaizor o’ltirar.
Yolg’iz o’g’lin eslar u
Yonib achchiq firoqda.
O’g’li esa yurt uchun
Jang qiladi yiroqda.
Ona sajda qiladi,
Ko’zyoshlari shashqator.
Bir nuqtaga tikilgan,
Xayolida nelar bor?
Ko’z oldiga keladi:
Keng dala — jang maydoni.
Jonsiz yotar maydonda
Mard o’g’li — pahlavoni.
Ko’kragida jarohat,
Qop-qora qon har yog’i.
Qolmish jonsiz qo’lida
Dushmanining bayrog’i.
Ona yuzin qoplar g’am,
Chimirgancha qoshini,
Asta suyar qo’liga
Oppoq sochli boshini.
Yurak dardi yosh bo’lib,
To’lib kelar ko’ziga.
Marjon-marjon tomchilar
Oqib, tushar yuziga.
IT HAQIDA DOSTON
Quyosh o’ynar javdar xirmonda,
Chiptalarda nuri tillarang.
Bolaladi ona it tongda,
Yetti kuchuk tug’di mallarang.
Yuvib-tarab tillari bilan,
Oqshomgacha erkaladi u.
Ona itning issiq bag’ridan
Qor ustida erib oqdi suv.
Oqshom; payti, tovuqlar endi
Qo’nog’iga tizilishgan dam
Uy egasi xo’mrayib keldi,
Qopga soldi yettovini ham.
Sho’rlik ona chopdi ketidan,
Uzoq-uzoq quvlab bordi u.
Muzdek terlar oqib etidan,
Achchiq-achchiq uvlab bordi u.
Botqoqlardan kechib o’tdi loy,
Oyoqlari toldi, urindi.
Qaytar ekan tom ustida Oy
Bolasiga o’xshab ko’rindi.
Sho’rlik yana bolasin so’rab,
Ko’kka boqib uvladi xasta.
Yangi Oy ham asta g’ildirab
Tushib ketdi ufqdan pastga.
Bechoraga ermaklab, kulib,
Non o’rniga otishgandek tosh,
It ko’zidan yulduzlar bo’lib
Qorga oqdi tomchi-tomchi yosh.
«FORS (ERON) TARONALARI» TURKUMIDAN
XUROSONDA BIR DARBOZA BOR…
Xurosonda bir darboza bor,
Ostonasi gulga ko’milgan,
Unda yashar bir pari ruxsor.
Xurosonda bir darboza bor,
Hayhot, uni ocholmadim man.
Qo’llarimda kuch ham yetarli,
Sochlarimdan oltin rang olgan.
Asir etdi meni ul pari.
Qo’lda garchi kuchim yetarli,
Ul eshikni ocholmadim man.
Mardligim ne ishq maydonida,
Ayting, kimga qilay sharhi g’am?!
Sevmas bo’lsa Shahi jonidan,
Ul eshikni ocholmas bo’lsam,
Mardligim ne ishq maydonida?!
Yana tushdi Rus sari yo’lim,
Eron, sendan ketgummi hali?
Nahot, seni boz ko’rmas bo’ldim?
Ona yurtga mehrim tufayli
Yana tushdi Rus sari yo’lim.
Xayr endi, xayr, parizod!
Darbozangni ocholmasam -da,
Shirin g’aming birla umrbod
Kuylab o’tay seni o’lkamda.
Xayr endi, xayr, parizod…
* * *
Talpinma ko’p, devona ko’ngil,
Barchamizdan yuz o’girmish baxt.
Shafqat tilar gadolar faqat…
Talpinma ko’p, devona ko’ngil.
Fusunkor oy kiyib zar libos,
Shu’la to’kar kashtanlar uzra:
Qo’yib La’lim siynasiga bosh,
Pardasini tortaman yuzga.
Talpinma ko’p, devona ko’ngil.
Biz barchamiz go’dakmiz bir oz,
Goh ko’zda yosh, goh labda kulgu,
Bo’lmish ushbu dunyoda meros.
Barchamizga shodlik va qayg’u.
Talpinma ko’p, devona ko’ngil.
Ko’rganman ko’p elatlarni men,
Tole izlab kezganman jahon.
Yuragimning ezgu istagin
Endi ortiq qidirmam sarson.
Talpinma ko’p, devona ko’ngil.
Umidim bor hayotdan hali,
Tugamagan ko’nglimda bardosh,
Kel, bir nafas orom ol, qalbim,
Uxla qo’yib yor ko’ksiga bosh,
Umidim bor hayotdan hali.
Zora taqdir boshimiz silab,
Saodatga yor etsa bizni,
Tole bulbul ovozi bilan
Allalasa pok sevgimizni.
Talpinma ko’p, devona ko’ngil…
DOG’LAR KETMISH MAJRUH KO’NGILDAN…
Dog’lar ketmish majruh ko’ngildan,
Mast vasvasa qo’zg’amas tug’yon.
Men dardimga Tehron gulidan
Choyxonada topoldim darmon.
Choyxonachi — barvasta, o’ktam,
Qoyil qolsin rus, deb, choyimga,
O’tkir aroq, may o’rniga ham
Achchiq-achchiq choy tutar menga.
Quy, mezbonim, ammo had bilan,
Bog’ing aro turfa gullar bor.
Oqshom menga niqob ostidan
Ohu ko’zin suzdi gulruxsor.
Rossiyada gulday qizlarni
Tutqunlikda saqlamas erlar.
Sarmast etar bo’sa bizlarni
Bexanjar-u bemakr-u bezar.
Bu tong yuzli dildor qoshimda
Bir bor xirom etsa noz bilan,
Shohi ro’mol solgum boshiga,
Yo’llariga sheroziy gilam.
Mezbon, choy quy menga lolagun,
Shoir senga so’ylamas yolg’on.
Ehtiyot bo’l o’zingga bugun,
So’ngra mendan qilmagin gumon.
Eshikka ko’p qarayberma san,
Gulbog’ingga, baribir, yo’l bor…
Oqshom menga niqob ostidan
Ohu ko’zin suzdi gulruxsor.