Toshkentdagi Sergey Yesenin muzeyi

Toshkentdagi Sergey Yesenin muzeyi
Ru  |  Uz  |  En

Shoirni o‘ldirib qo‘ygandilar

Sakson yildirki, bu juvonmarg shoir o’zini-o’zi o’ldirgandi deb o’ylaymiz. Bizni shu gapga ishontirishgan ham. Hatto emishki, u o’ziga anavinaqa yomon kasallik, ro’dapo dard yuqtirib olgan…

O’sha 28 dekabr (1925 yil) tongida «Angliter» mehmonxonasiga birinchi bo’lib Rojdestvenskiy va Medvedevni chorlashgandi.

– Yesenin turgan nomerning eshigi qiya ochiq edi, – deb xotirlagandi Vsevolod Rojdestvenskiy. – Meni g’ayritabiiy sukunat va hech kim yo’qligi taajjublantirdi. Ostona to’g’risidagi gilamda parishon holdagi murda yotardi. Stul suyanchig’iga pidjak tashlab qo’yilgan. Xonada birgina militsioner bo’lib, qalam bilan protokol yozardi. Biz kirib kelishiimiz bilan u jonlandi va talab qildi:

– Muhtaram taqsirlar, marhamat qilib ushbu hujjatga guvoh sifatida imzo chekib yuborilsin!..

E’tibor bering, «guvohlar» hali hech narsani ko’rishgan emas. Ammo ulardan o’zlari ko’rmagan ishlarga guvohlik talab etilmoqda edi. U yog’idan kelsangiz, Yeseninning sirtmoqda osilib turgan holatini biror kishi o’z ko’zi bilan ko’rgan emas. Dastlabki ikki guvoh esa o’likning gilamda yotganini va stul suyanchig’ida pidjak turganini tasdiqlaydilar xolos.

Oradan necha o’n yillar o’tib, bugun shu narsa ayonki, Leningrad adabiy muhitining vakili bo’lmish o’sha Pavel Medvedev va saldan so’ng mehmonxonaga kirib kelgan Mixail Priseglevskiy ikkovi ham OGPUning chaqimchilari bo’lishgan. Holbuki, Klyuev, Sadofev, Pravduxin singari Sergey Yeseninning haqiqiy do’stlari ham bor edilar. Biroq ulardan birortasi ham guvohlikka taklif etilmadi. Nega?

Negaligi ayon: ularning ishtiroki va beradigan ko’rgazmalari o’zini-o’zi o’ldirish haqida to’qilgan latifani chippakka chiqarishi mumkin edi. Boshqacharoq, aniqroq qilib aytganda murdani tanib olish «spektakli»ning «stsenariysi» avvaldan tayin bo’lgan. Binobarin, uni ijro etuvchilar ro’xatiga Yeseninning haqiqiy do’stlarini kiritib bo’lmaydi – ish buziladi!

…Sud-med ekspertizaning 29 dekabr sanasi qayd etilgan dalolatnomasi ham pala-partish, hatto marhumning uzilgan payti ko’rsatilmagan. Ushbu hujjatni tuzgan sud-med ekspert Glirevskiy bo’lak hollarda bitgan protokollar mufassalligi va aniq bayoni bilan ajralib turadi, ularning insho uslubi ham jo’yaliroq.

Albatta, voqea joyida sud-med ekspertning bo’lishi muhim ahammiyatga ega. Chunki sud med ekspert umumiy ahamiyatga ega. Chunki sud-med ekspert umumiy vaziyatni aniq baholay oladigan mutassis, o’lim sababini, jon chiqqan soatni belgilab beradi. Basharti marhum o’zinin osgan bo’lsa, tomog’idagi sirtmoqning tipik yoki tipik emasligini ham sud-medekspert aniqlaydi. Yesenin murdasi haqidagi qog’ozda bu kabi ma’lumotlar yo’q! Ana innaykeyin, haqli ishtiboh tug’iladiki, demak, voqea joyiga umuman sud-med ekspert chaqirilmagan bo’lsa kerak. Ha, shunisi aniqroq, dalolatnoma emas «stsenariy» asosida yozib qo’yilavergan. Boz ustiga shoirning o’z joniga qasd qilganini dalillash uchun o’sha kunlari har turli cho’pchaklar, uydirmalar o’ylab topildi va ular tag’in ham ko’pirtirilib, jamoatchilikka etkazib turildi.

Sergey Yeseninning fojiona o’limi o’z joniga qasd qilishdan bo’lak gap emasligini bulbuli go’yoday sayrab tasdiqlaganlarning birinchisi Aysidora Dunkan edi.

– Sergey sog’ emasdi, – der edi bu xonimcha. – U qip-qizil telba edi, yoki hech bo’lmaganda chinakam jinniligi allaqachon boshlanib bo’lgandi…

…Aysidora Dunkan haqida biz nima bilardik? Uning raqqosaligini, san’atning bu jabhasida klassik uslublardan kechib, o’z yo’nalishini yaratganini eshitganmiz. Ammo nihoyatda katta iqtidor egasi bo’lgan bu ayolning ayni chog’da ahloqan tuban ekanini deyarli bilmaymiz. Xonimning Sergey Yeseninga taalluqli jihatlari haqida hatto entsiklopediyalarda aqalli bir og’iz yozilmagan. Yohud Yesenin tarjimai holi bayon qilinganda bu xonimcha nomi umuman eslanmaydi.

Holbuki, Aysidora Dunkan degan buyuk raqqosa Sergey Yesenin degan buyuk shoirning qonuniy xotini bo’lgan…

Aysidora Dunkan (1878–1927) Amerika Qo’shma Shtatlarida tavallud topgan, san’at tarixida o’ziga xos o’rin tutadigan raqqosalardan biri. U Lunacharskiyning taklifi bilan o’quvchi-yoshlar uchun zamonaviy raqs maktabini tashkil etish uchun Moskvaga kelgandi.

Dunkan va Yesenin ilk bor musavvir georgiy Yakubovnikida uchrashdilar. Shunda 1921 yilning kuz fasli (taxminan oktyabr) edi va beqaror shoir 26 yashar navqiron yigit bo’lib, raqossa esa 45 yoshga borayozgan. Sergey Yesenin salkam kampirshoga shunchalar qaynoq muhabbat qo’ydiki, ikki o’rtadagi ishq mojarosi dostonlarga sig’maydi.

Shohidlardan bo’lmish Anatoliy Maringof eslaydi:

«– Bir kuni Seryoja bilan o’tiruvdik. Yarim tunda, soat birlar bor edi. Aysidora xonim kirib keldi va Yeseninni so’rab dedi:

– Mening shirintoy Patrigimning o’zginasi-ya! Patrik – Dunkanning o’lib ketgan o’g’li. Keyin ular tun bo’yi bir-birlarining quchoqlariga singib ketishdi…»

Keyin Yesenin ma’shuqasi yashayotgan uyga ko’chib o’tdi. Ularning turmushi hissiyotlarga juda ham boy bo’lib, ayni holda telbaliklar, mashmashalar ham etarli edi.

Boshqa bir ijodkor yozadi:

«– Bir qarasang Yesenin Aysidorani o’lguday sevadi, eru ko’kka ishonmaydi. Ammo zum o’tmaydiki, ur-to’palon boshlanib ketadi. Haligi muhabbat xuruji g’azabga aylanib, oshiq o’z ma’shuqasini do’pposlagani tushadi, shunaqangi badhazm so’zlar bilan «shoirona» haqoratlaydiki, ilon eshitsa po’st tashlaydi. Itday kaltaklanayotgan ayol esa, aksincha, bunday tahqirlanish chog’ida ham muloyim bo’lib, sevishda davom etaveradi. U faqat shu narsadan qo’rqardiki, bir kunmas bir kun Yesenindan ayrilib qoladi, telba oshig’i o’zini bir balo qilib qo’yadi».

Aysidoraning asrandi qizi Irmaning esdaliklaridan:

— U (oyim) 17 yosh katta edi. Oshiq Yesenin go’yo erkatoygina bir o’g’il edi-yu, onamni uning kechiruvchan, mehribon volidasi derdingiz. Chamasi o’sha onalarcha mehr va shafqat Yeseninning haqoratlariga parvo qilmaslikka undardi. U oshig’ining hayot-mamoti xususida doim qayg’u va xavotirda yurardi…

Anatoliy Maringof yozgandi:

— Yesenin bu g’alati ayolning juvonmardi, marhamatli janobi, valene’mati hisobida bo’lganini bilaman. Aysidora do’pposlashga shaylangan berahm qo’llarni sohibini suygan zotdor kuchukday tinimsiz o’par, yalab-yulqardi. Zahar sochib, hovridan tushgan yigit darg’azab ko’zlarini qadab «marhamat qilardi»:

— Kel, ey la’nati qanjiq, men bilan ichaqol…

Oshiq va ma’shuqa 1922 yil xorij safariga bormoq tadorigiga tushdilar.

— Men o’sha mag’ribiylarga haqiqiy rus shoiri qandoq ekanini bir ko’rsatib qo’yay, — deydi Yesenin.

Ammo chet elga chiqish o’zi bo’ladigan ish emas: ruxsat olish zarur. Lunacharskiy bu haqdagi ariza bilan tanishdi va bunday ruxsatnoma uchun ularning nikohdan o’tmagani monelik qilishini bildirdi.

Alqissa, Dunkan va Yeseninning nikoh marosimi 1922 yil 22 may kuni bo’lib o’tdi.

— Buning fe’li chatoq, janjalni pulga sotib olib, boshini har xil balo-qazolarga tiqishi mumkin, — dedi safar oldidan Lunacharskiy Aysidora xonimga. – Sizning shuhratingiz, nomingiz Yeseninga qalqon bo’lar degan umiddaman.

Shunday qilib kelin-kuyovning, g’arbona aytganda, «asal oyi» boshlandi va u el qatori 30 kun bo’lmay, 15 oyga cho’zilib ketdi. Yesenin va Dunkan dastlab Germaniyani tomosha qildilar, keyin Parijga ravona bo’ldilar. So’ngroq ular o’tirgan kema Atlantika okeanini kesib o’tdi, navnihol kuyov pochcha va qartaygan kelin bola Nyu-York, Vashington degan shaharlarni ko’rishdi. Amerika va Yevropani kezaverib o’rganib ketgan Aysidora Dunkan gastrol ustiga gastrol tashkil etadi, Sergey Yesenin esa hamisha xunob…

— Men tubanlik saltanatida yurganday bo’lyapman, — deb yozgandi u maktubida. – Men ko’rayotgan odamlar o’laksaga, qurtlarga o’xshaydi, uylari esa qabrning o’zginasi. Faqat bitta umid shuki, Rossiya mehri meni ohanraboday tortadi, tortaveradi.

Bu safar asnosida Dunkanning raqslari qanchalik og’izga tushgan bo’lsa, jizzaki Yeseninning janjal-to’palonlari shunchalik zarbulmasal bo’ldi. Restoran va kabarelarda muttasil janjal boshlovchi rus shoiri, ko’plab ag’dar-to’ntarlarni «ijod qildi».

Uning sarxush o’sha qiyofasini g’arbdagi nazm muxlislari o’lgunlaricha unutmaydigan bo’lishgandi. Hamisha hozir va choqqon muxbirlar esa Sergey Yesenin haqida maqola insho qilganlarida uning fe’lini tasvirlar ekanlar, «telbalik», «savdoyilik» kabi kalimalarni ishlatishdan o’zlarini tiya olmasdilar…

Aliqissa, eru xotin 1923 yilning 5 avgustida Maskvaga qaytib kelishdi. Yevropa va Amerika sahnalarida dirkillayverib o’lguday toliqqan Dunkan xonim shalvirab bo’lgandi. O’ziga tamomila yot muhit asirligida tajangligi cho’qqiga chiqqan Yeseninning esa uni ko’rgani ko’zi, otgani o’qi yo’q edi. Ikkoviga ham ayon eidiki, ko’ngillaridagi muhabbat safari qaridi, endi ajrashmoqlari, ha-ha faqat ajrashmoqlari lozim.

Ular lahzada sevishib, bir-birlarining pinjiga kirib ketishgandi. Bu ikkala daho fe’lidagi uyg’un jihatlar tag’in ham g’aroyib. Chunonchi, nonushtada, hatto yuzlarini yuvib-yuvmay, konyakxo’rlikni boshlab yuborishlari… yana shunday ediki, shu alfozda boshlangan kun sarguzashtlar, tasodiflar, aql bovar qilmas voqealaru tantiqliklar bilan xotimalanardi. Go’yo ikki yonma-yon gulxan charssa-churssa qilib bir-biriga intilib turardi. Va shunisi ham aniqki, ikki boshvoqsiz ayiqpolvon bitta g’orda yashay olmasdi-da…

Xullas, ko’p o’tmadi, Yesenin kavkaz taraflarga jo’nab qoldi. Aysidora Dunkan degan ayolning nomi uning hayot kitobidan butkul o’chirildi. Lekin asabiylik raqqosa bilan o’tgan umrning yodgori bo’lib, shoirning fe’lida turg’un qoldiki, ana innaykeyin uning ruhiy nosog’lomligi, telbaligi haqidagi safsatalar urchib, bolalab boraverdi. Sergey Yeseninning faqat sharobxo’rlikdan so’ngina ijod qilishi yoki she’r yozayotganda junun holatida bo’lishi to’g’risidagi mish-mishlar ko’paydi.

— Yesenin bilan ulfatlar doimo yuraklarini hovuchlab o’tirishardi. Chunki saldan so’ng nima bo’lishi ma’lummas: janjalning mutlaqo ehtimoli bor, boshlar yorilishi, ko’zlar chiqishi mumkin. Birinchi qadahdan keyinoq Sergeyning qo’l-oyog’idagi, til-zabonidagi bandlar echilib ketardi, so’ng uni to’xtatib bo’lmasdi, — deb yozgandi Volf Erlix.

Shoirning yaqin do’stlaridan biri, aktirisa Avgusta Mikloshevskaya xotiralarida esa mana bunday gaplar ham bor:

— Ba’zi kunlari Yesenin kafega juda barvaqt – hali hech kim yo’q paytda kirib kelardi. Shunday yasangan, bejirim, ko’rkam qiyofada bo’lardiki, uni shu holda ko’rib olishning o’zi zavq va huzur edi. Keyin bir burchakda tanho o’tirib, ijod qilardi…

Boshqa bir shahodatlarga qaraganda, Yesenin ijod jarayonini birovga ko’rsatmagan, ilhomi junbushga kelgan damlarda kunlab haftalab hech kimga ko’rinmagan…

Sergey Yesenin zo’r shoir va zo’r yigit edi, u hayot bo’stonida ko’plab gullarning bo’yini olishga ulgurdi. Ammo oila degan masalada avvalidan oxirigacha omadi chopgani yo’q.

U 1925 yilning yozida Lev Tolstoyning nabirasi bo’lmish Sofiyaga uylandi. Er-xotin o’rtasida aqalli jindaygina ham muhabbat yo’q edi. Shoirni bu nikohga undagan narsa o’zining ijod kulbasiga ega bo’lish haqida tilagi edi xolos. Beqaror hayot kechirib, endilikda yoshi o’ttizga etgandi. U osuda oilaviy turmushni orzu qilgandirki, bu tabiiy bir hol emasmi? Axir Pushkin ham 29 yoshida uylangandi-da…

Ammo Yeseninning bu qadami ham yaxshi bo’lmadi. O’z ta’rifi bilan aytganda, xonalar sersoqol chehra (Lev Tolstoy) aks etgan suratlar bilan to’lib-toshaverdi. Go’yo Tolstoyning ruhi kunda-shunda edi.

— Pataksoqol jonlarimga tegib ketdi, axir. Jin ursin, erta-indin suratlarda jim turgan anavi boboy meni bo’g’ib o’ldiradi, — deya xunob bo’lgandi u bir gal…

Yesenin – buyuk shoir edi, mashhur edi, qalam haqi kelib turardi, ortiqcha besh-o’n so’mi ham yo’q emasdi. Uning kulfat-ko’rguliklariga befarq qarindoshlar yordam, pul so’rab xiralik qilishardi. Ayniqsa, u Konstantinovaga borib qolsa, yonib, kuyib qaytardi.

— Ular (qarindoshlar) menga achinadilarmi, qayishadilarmi? Aslo! Men ularga sog’in sigirman xolos. Tag’in shunaqa sigirmanki, egulik hech narsa bermaydilar, ammo so’nggi tomchi sutigacha qoqlab sog’ib olishni tilaydilar.

…Yeseninning bir oyog’i doim sudda, uyiga chaqiriq qog’ozi tinimsiz kelib turadi. Sabab shuki, 1920–1925 yillar orasida u boshlangan janjal-to’polonlar bois ustidan 13 marta jinoiy ish qo’zg’atildi. Sudbozlikdan zerikkan shoir 1925 yil noyabr oyida klinikaga yotib oldi.

— Bu menga mashmashalardan uzoq bo’lish yo’li xolos. Omon-eson g’alvalardan qutulsam, hammasiga tupuraman-da, bir yoqlarga ketvoraman, — degandi u. Tadqiqotchilar va zamondoshlarining fikricha, bularning barida Yeseninga qarshi fitna bor edi. Shoir ruhan sinib, undagi umidsizlik unsurlari she’rlarida ham ko’rina boshladi. Chunonchi, Yesenin she’riyatidagi bo’ri obrazi shu gapning dalilidir. «Assalom, ey mening suyukli odamxo’rim» deb yozadi u. Hatto shoir o’zini (lirik qahramonini) qop-qorong’i qo’rg’ondagi tutqun bo’riga ham o’xshatadi…

Yesenin uchun hayot – og’u. Asablari qaqshagan…

Yesenin o’lishni hech istaganmidi? Yo’q! Aksinchi, u o’limdan, o’ldirib qo’yishlaridan juda qo’rqardi va buni yashirmasdi ham. Hatto u yaqinlashayotgan o’lim soyasini sezgan, his etgan, deydilar.

— Meni o’ldirib yubormoqchilar, — degandi u do’stlari davrasida. – Qushxonaga eltilayotgan jonliqday buni aniq bilib turibman-da.

Va shu bois ham yonida doim pistolet bilan yurgan ekan. U hatto bemahal o’limga chap berish uchun irim-sirimlarni ham qo’llab ko’radi. Masalan, irim qilib, derazadan o’z byustini uloqtriib yuboradi va haykal parchalariga qarab deydi:

Bu paytlari (1925 yil kuzida) shoir juda qattiq ishlaydi. «Sevsang meni, afsuslanmaysan» kabi go’zal she’rlar, «Qora odam» dostoni yaratildi. U o’zidan qoniqib deydi:

— Men ko’p yozyapman. Lekin yanada ko’proq yozishim zarur. Ha, hali yozaveraman, hali sabr-bardoshim etarli. Hayron bo’p qolamanki, jin urgur dunyo qanaqa o’zi? Hech yozishdan to’xtatolmayman o’zimni.

Sergey Yesenin Piterga (Leningradga) ketishga qaror beradi. Safar arafasida Yevdokimov degan muharrir bilan uchrashadi. Ikkovning suhbati Yeseninning shimoliy poytaxtdagi ijodiy rejalari xususida bo’ldi.

— Men Pravduxin yo Klyuevnikida yashab turaman. Klyuevni yaxshi ko’raman. Sen esa korrekturalarimni jo’natgin. Piterda tugallanmagan dostonimni yozib bitiraman.

Mariingrofning fikricha, esenin Leningradga yashash va astoydil ijod qilish uchun otlangandi, rejalari, umidlari ko’p edi. Ketish oldidan sobiq xotini Zinaida Rayx va farzandlarini yo’qlab qo’yishni ham unutmaydi, qarindosh-urug’lari bilan xayr-xush qiladi.

Keyin Moskva adabiy jamoatchiligi bilan «tarixiy» xayrlashuv «marosimi» bo’ladi. Negaki, «Gertsen uyi» restoranidagi o’sha so’nggi o’tirishni Yeseninning ko’p ulfatlari uzoq vaqtgacha unutolganlari yo’q. U shu erda hamma bilan «hisob-kitobi»ni to’g’rilab oldi, hech «haqi»ni qoldirmay ko’ngli tusaganicha baqirib-chaqirib, to’palon qildi. Axiyri og’zilan bodi kirib, shodi chiqdi, so’kinib-so’kinib jo’nab qoldi. Bir payt kechga tomon shu erga tag’in kirib keldi, u g’irt mast edi.

— Olchoqlar, yaramaslar, — hayqirdi sarxush shoir. – Men katta shoirman. Hammang meni qonimni ichasanlar, keyin g’iybatimni qilishlaringga o’laymi!..

1925 yil 7 dekbar kuni Yesenin o’zining eski tanishi Volf Erlixga telegramma yo’llaydi: «Zudlik bilan ikki-uchta xona topib qo’ygin. Yigirmanchilarga etib boraman, Piterda yashamoqchiman»…

Yesenin kutilmaganda Leningraddagi «Angliter» mehmonxonasiga tushadi. Shu erda yashab turgan Georgiy Ustinov (adib va tanqidchi) uning uchun alohida nomer-xona olib qo’ygan ekan.

O’quvchilar bilib qo’yganlari durustki, «Angliter» kazo-kazo arboblar turadigan xos mehmonxona edi. Uni Piter GPUsi qattiq nazorat qilardi. Hatto nazoratchilarning o’zlari ham shu erdagi nomerlarda yolg’on-yashiq ism-familiyalar bilan yashashgan. Mehmonxona muboshiri Vyachechlav Nazarovning o’zi ham sobiq chekist, fuqarolar urushi qatnashchisi, jazo otryadlari safida bo’lgan…

Shunday qilib, Ustinov sabab bo’lib, Yesenin o’sha sirli mehmonxonaga joylashdi. Shoirning fojiasidan so’ng shunday bir taajjub hol ayon bo’ldi, ya’ni na Ustinov, na Yesenin ro’yxatdan o’tkazilmagan, mehmonlar qayd etiladigan daftarda ularning familiyasi yo’q. Bu shuni ochiq-oydin tasdiqlaydiki, Yeseninning bu mehmonxonaga tushishi mutalaqo tasodif emas va bu GPU bilan kelishgan holda, reja asosida bo’lgan.

* * *

Sergey Yeseninning Petrogradda o’tgan to’rt kuni voqealarga boy va mazmunli bo’ldi. O’sha kunlari u bilan hamnafas, hamsuhbat bo’lganlarning xotirlashlaricha shoir ichmagan, ko’p ishlagan.

Shunisi ham borki, Ustinov va Erlix undan deyarli ajraganlari yo’q. Chamasi GPUdan shoirni nazorat qilib turish haqida topshiriq olishgan yohud boshqa biror reja bo’yicha harakat qilishgan. Bu da’voga izoh shuki, Yesenin o’zini-o’zi o’ldirdi degan gapni tasdiqlaganlar ayni ana shu ikkov bo’lishdi. Georgiy Ustinovning hatto shunday luqmasi bor:

— U Piterga o’lish uchun kelgan ekan, bo’ynini ryazancha sirtmoqqa soldi.

Yuqorida aytilganlarga va boshqa detallarga tayangan holda deyish mumkinki, Ustinov va Erlix Yesenin foijiasiga daxldor edilar.

Bu xususda tag’in bir gap: Ustinov va Erlix bilan Yesenin orasida keyingi paytlarda ma’lum ixtiloflar paydo bo’lib qolgandi. Chunonchi, Yesenin antisemitizm tarafdori bo’lib, Volf Erlix uning bu jabhadagi qarashlariga toqat qilolmasdi. Georgiy Ustinov soxta bolshevizmda ayblaydi va bir maqolasida «anarxist yigitcha» deb ataydi.э

* * *

Tergov materiallarining shahodat berishicha, Sergey Yesenin tirik ekanida eng oxiri ko’rgan odam – Volf Erlix.

— Soat sakkizlarda men ketishga chog’landim. Xayrlashdik. Pastki qavatdan izimga qaytishga majbur bo’ldim – portfelimni unutibman. Yesenin stolning u tarafida pidjaksiz, po’stinini yopinib, xotirjam o’tirardi. She’rlarini ko’zdan kechirardi, — deb yozadi Erlix.

O’sha pidjakning kiyilmagani to’g’risidagi ma’lumot Erlix tilidan keyin ham ko’p takrorlandi, gazetalarga yozdi.

— Murdani Obuxovkaga jo’natiladiganda pidjak yo’q edi, — deb yozadi shoir Innokentiy Aksyonov kundalik daftariga.

Ammo Vsefolod Rojdestvenskiy shahodat beradiki:

— Pidjak stul suyanchig’ida osilib turardi. Alqissa, pidjak haqida gap bor, ammo o’zi yo’q, izsiz yo’qoldi. Yana bir shubhali hol: Yesenin kissasida olib yurgan pistoletni ham topib bo’lmaydi. Yopishmaydigan nuqta shuki, o’zini otish nisbatan «qulay» bo’lgani holda nega bo’yniga sirtmoq soldi? g’alatiroqmasmi?

Demak, xulosani mantiq asosida qilib ko’ramiz: xonada pistolet bo’lmasligining yoki dom-daraksiz yo’qolishining, mutlaqo topilmasligining tadorigi avvaldan rejalashtirilgan.

Buginamas, bezori bolalar haqidagi dostonning qo’l yozmasi ham gumdon bo’lgandi. Boshqa bitiklarning, jumladan klinada yozlgan she’rlardan bir qismining qoralamasigacha izsiz ketdi.

Yesenin xonasiga kirgan sanitar Dubrovskiy shahodat beradi:

— Polda idish siniqlari, bo’lak-bo’lak qog’oz parchalari sochilib yotganini ko’rdim. U er-bu erda qotib qolgan qon dog’lari ko’zga tashlananrdi. Hamma narsa ostin-ustin, alg’ov-dalg’ov. Bu erda qattiq mushtlashganlari ayon…

Buni rost yo yolg’on demaymiz-da, ekspertlarning murdaning tashqi belgilari haqidagi fikriga quloq solamiz:

— Yeseninning o’ng qo’li g’ayritabiiy bukilgan holda bo’lib, yuzida jarohatlar bor edi. Ko’z atroflari, qovoqlari ko’kargan, o’ng qoshining osti yorilgan.

Murdashunos mutaxassislar yozadilarki:

— Marhumning o’ng qoshi ostidagi dumaloq qora jarohat qattiq zarbaning asosratidir.

Innokentiy Aksyonovning kundaligida o’sha tun voqealariga anchagina oydinlik kiritadigan mana shunday bitiklar bor:

— 27 dekabr kech soat o’nlarga yaqin Yesenin huzuriga VChKning maxsus xodimi Berman kirgan ekan. Bu shaxs shunday odam ediki, o’z vaqtida otilib ketgan shoir Gumilyovning fojiasiga katta «hissa qo’shgan». Bermanning aytishicha Yesenin qip-qizil mast bo’lgan emish…

Agar o’sha oqshom voqealarini qayta tiklab, qayta nazar solsak, ayon bo’ladiki, shoirning ichgani xususidagi ma’lumot tuhmat va yolg’ondan boshqa narsa emas.

Tadqiqotchilarning fikricha Yeseninning o’limi qotillik natijasida sodir bo’lgan. Bu jinoyat puxta rejalashtirib, oldindan belgilangan stsenariy asosida amalga oshirilgan. U taxminan qo’yidagicha bo’lgan:

Ustinov Yeseninni OGPUning doimiy nazoratidagi maxsus mehmoxonaga joylashtiradi. Erlix va Ustinov uni hech nazardan qochirmay, doimo kuzatib turadilar. Noma’lum kimsalar 27 dekabr soat 10-11 lar orasida shoirning xonasiga qora niyat bilan bostirib kiradilar. Ikki o’rtada mushtlashuv boshlanadi. Tabiiyki, «mehmonlar» ko’pchilik, shoir yolg’iz. Uni chalajon holda (balki o’lgandir ham) isitish quvuriga osib qo’yishadi. (Murdani shu osilgan holda hech kim ko’rmagan). «Mehmonlar» xonani o’bdon tintib, o’zlariga kerak narsani olib ketadilar.

Xo’sh, qotillar Yeseninning xonasidan nimani izlashgan? Shoirni kim o’ldirgan? Oradan sakson yil o’tdi – bu savollarga javob topish qiyin, faqat mulohaza qilish, mantiqiy xulosalar chiqarish mumkin xolos…

Deydilarki, Sergey Yesenin siyosatga aralashib, bir baloga giriftor bo’lishdan doimo qo’rqib yashagan. Va lekin tanishi ko’p, serulfat shoir dasti uzun arboblar, siyosat bobidagi nahanglar davrasiga ham kirib qolardi.

Lev Troskiy (amaldor bo‘lib turgan paytida) Yesenin ijodini sinchkovlik bilan kuzatgan, siyosiy baho bergan. Bu bor gap, tarixiy haqiqat. «Yaramaslar saltanati» dostonida ilg‘or fikrga tazyiq o‘tkazuvchi chekist obrazi bor. Yeseninning zamondoshlari e’tirof etadilarki, o‘sha chekist Troskiyga o‘xshab ketarmish. Shoirning har bir asarini nazardan qochirmaydigan Troskiy o‘sha salbiy obrazga o‘zi prototip ekanini payqagan, albatta. Xullas, bu gaplardan murod shuki, Yeseninning o‘limida Troskiyning qo‘li bor deb taxmin qilish mumkinday. Ammo oliy Martabalardan quvilgan Lev Troskiy 1925 yilning dekabrida Yeseninday katta shoirning o‘ldirilishiga rahnomolik qilishi ehtimoldan yiroq edi.

* * *

1924 yil may oyida badiiy adabiyot maslalari muhokamasiga bag‘ishlangan katta kengash bo‘lib o‘tdi. Ma’ruza va nutqlar g‘oyasi turlicha bo‘lib, bahs-munozaralar buloqday qaynab toshdi. Xulosani esa Buxarin chiqardi. Ana shundan so‘ng buxarincha aksimqishloq adabiy harakatchilik to‘lqini xurujga keldi. Keiynroq o‘sha Buxarin Yesenin she’riyatiga qarshi kurash boshladi. Hatto u Yeseninni «ishton kiymas yengiltak xonimchalar va fohishalarning maddahi» deb atadi. Lekin Buxaringa shoirni o‘ldirish zarur emasdi.

* * *

Endi boshqa – mantiqliroq taxminga kelamiz. Eslang: Sergey Yesenin fojiasi 1925 yil 27 dekbardan 28 dekabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Xuddi o‘sha kunlari Moskvada VKP(b)ning 14-s’ezdi bo‘lib o‘tmoqda edi. U 1925 yil 18 dekbardan 31 dekabrga qadar davom etgan. S’ezd ochilganda Yesenin hali Moskvadan jo‘namagan…

Stalin Zinov’ev Kamenev boshliq oppozisiyaga qarshi quturib hujum boshladi, ularga ko‘pdan-ko‘p ayblarni taqadi. Chunonchi, Stalin s’ezd minbaridan turib, Mixail Romanovga yo‘llangan telegrammani tilga olib o‘tdi. Ya’ni, Rossiya imperatori Nikolay Romanov 1917 yili ukasining foydasiga taxtdan voz kechgandi. Biroq hukmdorlikni Mixail Romanov ham qabul qilmadi. Shunda Kamenev shahzoda M. Romanovni tabriklagan emish. Biroq Kamenev bu ayblarning birortasini ham tan olmay turaverdi. Diskussiya chog‘ida stalin o‘z fikrini isbotlay olishini ta’kidlab, hatto o‘sha telegrammaning aynan o‘zini ko‘rsatib qo‘yishi mumkinligi haqida dag‘dag‘a qilgandi.

Ayni ana shu telegramma bilan bog‘liq gap: Yesenin Petrogradga jo‘nash arafasida Tarasov-Rodionov bilan uchrashib qoladi. Bu kishining kundalik daftarida shanday satrlar bor. «Suhbatimiz Kamenev haqida bo‘ldi. Yesenin dabdurustdan aytib qoldiki, go‘yo unda Kamenevning (Mixail Romanovga yo‘llangan) o‘sha telegrammasi bor emish. Men «ko‘rsat» dedim. Yesenin iltimosimni rad etib, uni ishonchli joyga yashirib qo‘yganini aytdi».

Yeseninning bu nihoyatda qaltis iqrorini tushunish qiyin. Dovdirashmi? Yo uning bisotida o‘sha badbaxt telegramma chindan ham bor edimi?

Aniq ediki, shoirning og‘zidan gullagani tegishli idoraga oqizmay-tomizmay yetkazilgan. Negaki, bu gap qulog‘iga tushgan Aleksandr Ignat’evich Tarasov-Rodionov borib turgan avantyurist edi. O‘z nomi chiqmaganroq yozuvchi bo‘lib, bol’shevik sifatida 1917 yil fevraldan so‘ng muvaqqat hukumat tmonidan hibsga olingan. Turmada bol’shevizmdan yuz o‘girib, rosa tavba-tazarru qiladi. 1917 yil oktyabrdan keyin esa tag‘in ortiga qaytib, e’tiqodini 180 darajaga o‘zgartirdi. VChK va OGPU idoralari bilan sirli aloqada bo‘lgan…

Binobarin, oldindagi voqealarga qaytamiz:

— Yeseninning qotillari u istiqomat qilgan xonada nimani qidirgan edilar? O‘sha telegrammani emasmi?

Shu narsa ham mutlaqo mumkinki, shoirni o‘ldirmay turib do‘pposlash va qiynashdan ko‘zlangan muddao ayon:

— Telegramma qani? Qayga yashirgansan?

Jumboq: bu hayot fojiasiga oliy martaba eagalaridan qay bir «san’atkor» rejissyorlik qildi? Shaxsan Iosif Vissarionovichmi? Kim?..

Endi manavilarni ko‘ring: o‘sha kunlari Yesenin fojiasiga u yoki bu jihatdan shohid bo‘lganlarning birortasi emin-erkin yashagani yo‘q, hammasi baloga giriftor bo‘lib ketdi. Masalan, Georgiy Ustinov 1932 yili o‘zini osib qo‘ydi. Shoir Vol’f Erlix va «Angliter» mehmonxonasi ma’muri Vyacheslav Nazarov, NKVD xodimi Gorbov 1930-yillari avaxtaga solindi, otildi…

Stalinning gapi bo‘lardi: «Inson yo‘q – muammo ham yo‘q.» E’tibor bering-a, Yeseninni o‘ldirishdan boshlanib, unga ulanib ketgan keyingi o‘limlar ana shu stalincha mantiqqa mos kelmayaptimi? Tadqiqotchilarning fikricha, juda ham mos keladi. Demak, Sergey Yesenin o‘z joniga qasd qilmagan, uni o‘ldirishgan!..

Keyin juvonmarg shoir haqida yozish boshlanib ketdi: ko‘p yozdilar, ammo xo‘b yozmadilar. Yesenin she’riyatiga qarshi kurash boshlandi, endi marhum shoirning merosini ham o‘ldirmoqchi bo‘lishardi. Keyin yaxshilash boshlandi… Qarangki, Yesenin o‘zi «Men haqimda juda ko‘p yozishadi» degan ekan, shunday bo‘ldi ham. O‘lgan odam ustida ming gapiringki, aqalli bir so‘z bilan javob qaytara olmaydi-da.

Mashhur adib Leonid Leonov aytganday: «Endi Sergey Yesenin yo‘q, bunday keyin shovqin-suron sololmaydi».

https://ok.ru/tasirlihik/topic/66474453549230